ANDIJON VILOYATIDA QISHLOQ XO'JALIGI MAHSULOTLARI YETISHTIRISHDA XARAJATLARNI RAQAMLI TEXNOLOGIYALAR ORQALI OPTIMALLASHTIRISH
收藏资源简介:
Andijon viloyati O‘zbekistonning muhim agrar hududlaridan biri hisoblanadi. Hududda paxta, g‘alla, sabzavot, poliz ekinlari hamda bog‘dorchilik mahsulotlari yetishtirish keng rivojlangan. Qishloq xo‘jaligi viloyat iqtisodiyotida muhim o‘rin egallaydi va hududiy yalpi mahsulotning muhim qismini shakllantiradi. Rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Andijon viloyatida qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi sohasida ishlab chiqarish hajmi yildan-yilga o‘sib bormoqda va 2025-yilda ushbu tarmoqning o‘sish sur’ati 104,7 % ni tashkil etgan [1]. Biroq agrar ishlab chiqarish jarayonida ko‘plab xarajatlar suv, o‘g‘it, yoqilg‘i, energiya va mehnat xarajatlari mavjud bo‘lib, ular mahsulot tannarxining oshishiga sabab bo‘ladi. Shu sababli zamonaviy iqtisodiyot sharoitida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali xarajatlarni optimallashtirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Raqamli texnologiyalar qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish, resurslardan samarali foydalanish va boshqaruv jarayonlarini optimallashtirish orqali iqtisodiy samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi.



