TOSHKENT VILOYATINING LANDSHAFT XILLARIDA SHAMOL TEZLIGINING BALANDLIK BO'YICHA TASNIFLANISHI HAMDA UNING GEOEKOLOGIK TA'SIRI
收藏资源简介:
Maqolada Toshkent viloyatida ajratilgan 50 ta landshaft xili doirasida shamol tezligining balandlik bo‘yicha fazoviy differensiallashuvi va uning landshaft jarayonlariga ehtimoliy geoekologik ta’siri tahlil qilingan. Tadqiqotda Toshkent viloyati landshaft kartasi, landshaft xillarining tabiiy geografik tavsiflari hamda Global Wind Atlasning yer yuzasidan 10, 50, 100 va 150 m balandliklarga tegishli o‘rtacha shamol tezligi rasterlaridan foydalanilgan. ArcGIS Pro dasturida rasterlar viloyat chegarasi bo‘yicha ajratilib, 50 ta landshaft xili konturlari bilan ustma-ust tahlil qilingan. Kartografik tahlilda shamol rejimining tog‘oldi tekisliklari, past tog‘lar, o‘rtacha balandlikdagi tog‘lar, baland tog‘ va glyatsial-nival landshaftlar orasida sezilarli farqlanishi kuzatildi. Ochiq suvayirg‘ichlar, cho‘qqilar va shamol oqimiga qaragan yonbag‘irlarda shamol ta’siri kuchayishi, yopiq vodiylar, o‘rmon-butazorlar va relyef bilan to‘silgan hududlarda esa uning pasayishi aniqlandi. Shamolning tekislik va adir landshaftlarida deflyatsiya, tuproq namligining kamayishi hamda sug‘orish suvining bug‘lanishini kuchaytirishi, tog‘ landshaftlarida esa qorning qayta taqsimlanishi, ochiq jinslar va nurash mahsulotlarining ko‘chirilishiga ta’sir qilishi asoslandi. Kon, karyer va ag‘darmalar tarqalgan landshaftlarda kuchli shamol chang va mayda zarrachalarning ikkilamchi tarqalish xavfini oshiruvchi omil sifatida baholandi. Natijalar shamol eroziyasi xavfini landshaft xillari kesimida baholash, himoya daraxtzorlarini joylashtirish va buzilgan yerlarni qayta tiklash tadbirlarini hududiy differensiallashtirish uchun xizmat qiladi.



