VARIKOTSELE JARROHLIK USULLARINI TAQQOSLASH: MARMARA VA IVANISSEVICH MISOLIDA
收藏资源简介:
Dolzarbligi. Varikotsele erkaklar reproduktiv tizimining eng ko‘p uchraydigan venoz kasalliklaridan biri bo‘lib, umumiy erkaklar populyatsiyasining taxminan 15 foizida, spermogramma ko‘rsatkichlari patologik bo‘lgan erkaklarning 25 foizida hamda bepushtlik sababli tekshiruvdan o‘tayotgan erkaklarning 35–40 foizida uchraydi. Hozirgi klinik tavsiyalarga ko‘ra, jarrohlik davolash, avvalo, klinik jihatdan aniqlanadigan varikotsele, bepushtlik va eyakulyat ko‘rsatkichlarining buzilishi mavjud bo‘lgan bemorlarda ko‘rib chiqiladi. Shu bilan birga, optimal jarrohlik usulini tanlash masalasi hozirgi kungacha dolzarb bo‘lib qolmoqda. Tadqiqot maqsadi. Marmara usuli - mikrojarrohlik subingvinal varikotselektomiya - va Ivanissevich usulining samaradorligi hamda xavfsizligini taqqoslash, shuningdek, zamonaviy adabiyotlar asosida qaytalanish, gidrotsele, operatsiyadan keyingi asoratlar va spermogramma ko‘rsatkichlaridagi o‘zgarishlarni baholash. Materiallar va usullar. PubMed ma’lumotlar bazasi, Yevropa Urologlar Assotsiatsiyasi (EAU) hamda Amerika Urologlar Assotsiatsiyasi, Amerika Reproduktiv Tibbiyot Jamiyati (AUA/ASRM) klinik tavsiyalari, tizimli sharhlar, meta-tahlillar va qiyosiy klinik tadqiqotlar tahlil qilindi. 2024–2025-yillarda chop etilgan zamonaviy ilmiy ishlar alohida o‘rganildi. Natijalar. 2025-yilda e’lon qilingan tarmoq meta-tahliliga ko`ra mikrojarrohlik subingvinal varikotselektomiya qaytalanish xavfini kamaytirish bo‘yicha SUCRA ko‘rsatkichi 91,6%, gidrotsele xavfini kamaytirish bo‘yicha esa 77,9% ni tashkil etgan. Bevosita qiyosiy tadqiqotda Ivanissevich usulidan keyin varikotsele qaytalanishi 26,4%, Marmara usulidan keyin esa 6,3% ni tashkil qilgan. Hisoblangan nisbiy xavf (RR) 4,19 (95% CI: 1,93–9,08), imkoniyatlar nisbati (OR) 5,33 (95% CI: 2,25–12,63), mutlaq xavf farqi esa 20,1 foiz punktini tashkil etdi. Marmara usulidan so‘ng spermatozoidlar konsentratsiyasi 9,1±3,41 mln/ml dan 14,9±1,2 mln/ml gacha, Ivanissevich usulidan keyin esa 9,3±1,93 mln/ml dan 11,2±1,1 mln/ml gacha oshgan. Xulosa. Zamonaviy adabiyotlar tahlili mikrojarrohlik subingvinal varikotselektomiya, xususan Marmara usuli, an’anaviy ochiq jarrohlik usullariga nisbatan varikotsele qaytalanishi va gidrotsele rivojlanishi bo‘yicha pastroq ko‘rsatkichlar bilan bog‘liqligini ko‘rsatmoqda. Biroq aynan Marmara va Ivanissevich usullarini bevosita taqqoslaydigan yuqori sifatli randomizatsiyalangan tadqiqotlar soni cheklangan. Shu sababli mavjud natijalarni tadqiqot dizayni, jarrohning tajribasi, bemorlarning boshlang‘ich klinik xususiyatlari va venoz anatomiyani hisobga olgan holda talqin qilish lozim.



