O'ZBEKISTON "YUMSHOQ KUCH" DIPLOMATIYASINI AMALGA OSHIRISHDA XORIJIY TAJRIBANING AHAMIYATI: FRANSIYA VA YAPONIYA MISOLIDA
收藏资源简介:
Mazkur maqolada O‘zbekistonning “yumshoq kuch” diplomatiyasini rivojlantirishda Fransiya va Yaponiya tajribasidan foydalanish imkoniyatlari tahlil qilingan. Tadqiqotning maqsadi Fransiya va Yaponiyada shakllangan madaniy diplomatiya modellarining asosiy xususiyatlarini aniqlash hamda ularning samarali jihatlarini O‘zbekistonning milliy manfaatlari va madaniy salohiyatiga moslashtirishdan iborat. Tadqiqotda qiyosiy tahlil, tizimli yondashuv, kontent-tahlil, hujjatlarni o‘rganish, keys-stadi va SWOT tahlil usullaridan foydalanilgan. Natijalar Fransiyada “yumshoq kuch” siyosati fransuz tili, madaniyat markazlari, san’at, ta’lim, kino, moda va gastronomiyaga tayangan institutsional model asosida amalga oshirilishini ko‘rsatdi. Yaponiya tajribasida esa an’anaviy madaniyat, anime, manga, texnologiyalar, kreativ industriyalar, ta’lim almashinuvi va xalqaro rivojlanishga ko‘maklashish dasturlari o‘zaro uyg‘unlashtirilgan. O‘zbekistonning tarixiy shaharlari, Buyuk ipak yo‘li merosi, buyuk allomalar ilmiy merosi, milliy san’ati, hunarmandchiligi, gastronomiyasi va mehmondo‘stlik an’analari katta “yumshoq kuch” salohiyatiga ega ekanligi aniqlandi. Shu bilan birga, xorijiy auditoriyaga mo‘ljallangan ko‘p tilli raqamli kontent, zamonaviy kreativ mahsulotlar, xalqaro ta’lim dasturlari va muvofiqlashtirilgan milliy brending strategiyasini rivojlantirish zarurligi asoslandi. Xulosa sifatida O‘zbekiston uchun Fransiyaning institutsional tajribasi va Yaponiyaning innovatsion-kreativ yondashuvlarini milliy xususiyatlarga moslashtirgan integratsiyalashgan “yumshoq kuch” modelini yaratish taklif etilgan.



