BIOCHIQINDILAR VA NANOSELLYULOZA ASOSIDAGI KOMPOZIT ADSORBENTLAR YORDAMIDA BO'YOQLI OQOVA SUVLARNI ADSORBSION TOZALASH
收藏资源简介:
Annotatsiya. Bo‘yoq sanoati, to‘qimachilik, qog‘oz, charm va farmatsevtika korxonalaridan hosil bo‘ladigan oqova suvlar tarkibida uchraydigan organik bo‘yoqlar suv ekotizimlariga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi asosiy ifloslantiruvchilar qatoriga kiradi. Ular orasida metilen ko‘k suvda yaxshi eruvchanligi, yuqori kimyoviy barqarorligi hamda biologik parchalanishga nisbatan chidamliligi sababli eng ko‘p o‘rganilgan model ifloslantiruvchilardan biri hisoblanadi. So‘nggi yillarda metilen ko‘kni oqova suvlardan samarali ajratish uchun adsorbsiya usuli yuqori samaradorligi, sodda texnologiyasi va iqtisodiy jihatdan maqbulligi sababli keng qo‘llanilmoqda. Mazkur maqolada biochiqindilar va nanosellyuloza asosida tayyorlangan kompozit adsorbentlarning metilen ko‘kni adsorbsiyalash samaradorligi bo‘yicha so‘nggi yillardagi ilmiy tadqiqotlar tizimli ravishda tahlil qilindi. Turli adsorbentlarning solishtirma sirt maydoni, g‘ovak tuzilishi, maksimal adsorbsiya sig‘imi (Qmax), adsorbsiya kinetikasi hamda izoterma modellari o‘zaro taqqoslandi. Shuningdek, adsorbsiya jarayoniga pH, harorat, adsorbent dozasi, boshlang‘ich konsentratsiya va kontakt vaqtining ta'siri tahlil qilindi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, biochiqindilar asosida olinadigan adsorbentlarni kimyoviy yoki fizik modifikatsiya qilish ularning adsorbsiya sig‘imini sezilarli darajada oshiradi. Ayniqsa, nanosellyuloza biochar, faollashtirilgan ko‘mir, grafen oksidi va biopolimerlar bilan kompozitsiyalanganda yuqori solishtirma sirt maydoni, ko‘plab faol funksional guruhlar va rivojlangan g‘ovak tuzilish hosil bo‘lib, adsorbsiya samaradorligi ortadi. Ko‘pchilik tadqiqotlarda adsorbsiya jarayoni Langmuir izotermasi va psevdo ikkinchi tartibli kinetik model bilan yaxshi tavsiflanganligi aniqlangan. Maqolada biochiqindilarni yuqori qo‘shimcha qiymatga ega adsorbentlarga aylantirishning ilmiy va amaliy ahamiyati asoslab berilgan hamda nanosellyuloza asosidagi kompozit materiallarning bo‘yoqli oqova suvlarni tozalashdagi istiqbolli yo‘nalishlari yoritilgan.



