OG'IZ BO'SHLIG'I MIKROBIOTASI VA PERIDONTAL KASALLIKLAR
收藏资源简介:
Og‘iz bo‘shlig‘i mikrobiotasi inson organizmidagi eng murakkab mikrobial ekotizimlardan biri bo‘lib, uning tarkibiy va funksional muvozanati periodontal to‘qimalarning sog‘lom holatini saqlashda muhim ahamiyatga ega. Mikrobiota tarkibidagi disbiotik o‘zgarishlar, xususan, periodontal patogenlarning ko‘payishi va mikrobial biofilmning barqarorlashuvi gingivit hamda periodontit rivojlanishida muhim biologik omillardan biri hisoblanadi. Zamonaviy tadqiqotlarda og‘ir periodontal kasalliklar dunyo aholisining qariyb 1 milliard nafariga ta’sir qilishi, periodontal kasalliklarning tarqalishi esa yosh, gigiyenik holat, chekish, metabolik buzilishlar va boshqa tizimli omillarga qarab sezilarli farq qilishi ko‘rsatilgan. Mazkur maqolada og‘iz bo‘shlig‘i mikrobiotasining tarkibi, mikrobiota–mezbon o‘zaro ta’siri, disbiozning periodontal yallig‘lanishdagi o‘rni hamda Porphyromonas gingivalis, Tannerella forsythia va Treponema denticola kabi mikroorganizmlarning patogenetik ahamiyati tahlil qilinadi. Shuningdek, periodontal kasalliklarning rivojlanishida mikrobial biofilm, immun javob va mahalliy mikroekologik muhit o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik yoritiladi. Tahlillar periodontal patologiyalarni faqat alohida bakteriyalar mavjudligi bilan emas, balki mikrobiologik jamoaning ekologik muvozanati va mezbon immun javobining o‘zgarishi bilan izohlash zarurligini ko‘rsatadi. Ushbu yondashuv periodontal kasalliklarni erta aniqlash, xavf guruhlarini belgilash va mikrobiotaga yo‘naltirilgan zamonaviy profilaktik hamda terapevtik strategiyalarni ishlab chiqish uchun muhim ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi.



