ARXIV HUJJATLARI TO'PLAMLARIDA TURKIYADAGI O'ZBEK TAKYALARI (TEKKELARI)
收藏资源简介:
O'zbekistonda nashr qilingan ilmiy maqolalarda Turkiyadagi O'zbeklar takyalari – tekkelari asosan haj yo'lidagi vaqtincha yashash joyi sifatida qaraladi, uning sotsiomadaniy institut sifatidagi faoliyati ko'pincha chetda qoladi. Bu o'zbek tilida to'laqonli tadqiqotlar hali mavjud emasligi bilan ham izohlanadi. Qolaversa, bu mavzudagi ilmiy ishlar asosan turk va g'arb olimlarining tadqiqotlariga tayanib qolayotgani kuzatildi. Ba’zi tadqiqotlardagina birlamchi manbalar – arxiv hujjatlari e’lon qilingan to'plamlardagi ma’lumotlardan birmuncha foydalanish borligini qayd etish mumkin. Bu borada 2022 yili “Turkiya – O'zbekiston aloqalari hujjatlarda” kitobi chop etilishi belgili voqea bo'ldi. Turkiy tilli mamlakatlarning munosabatlari rivojlanayotgan hozirgi sharoitda Turkiyadagi O'zbeklar takyalari bo'yicha chiqishlar birmuncha jonlanganligi olimlarning o'zida ham bu mavzuga qiziqish ortib borayotganligini namoyon etadi. Bu borada o'zbekistonlik olimlar tomonidan Turkiyadagi arxivlar hamda O'zbeklar takyalari shayxlarini va ular bilan bog'liq shaxslar avlodlarida saqlanayotgan hujjatlarni, takyalar bilan hayoti to'liq yoki qisman bog'liq bo'lgan insonlarning xotiralarini o'rganish zarur. Qolaversa, boshqa o'lkalardagi O'zbeklar takyalari Usmonli turk davlati orqali boshqarilganligini ham nazarda tutmoq o'rinli. Bu jihatdan o'rta asrlarda O'zbeklar takyalari tarmog'i yuzaga kelgani hamda ular musulmon o'lkalarida o'zbek jamoatlari qaror topishida muhim o'rin egallaganligini ta’kidlash zarur.



