"VIZUAL MANBALARNI ILMIY TAHLIL QILISH METODOLOGIYASI"
收藏资源简介:
Ushbu maqolada vizual manbalarni ilmiy tahlil qilish metodologiyasining nazariy va amaliy asoslari yoritiladi. Tadqiqot vizual materiallarni — tarixiy fotosuratlar, arxiv tasvirlari, me’moriy obyektlar, muzey ekspozitsiyalari va audiovizual hujjatlarni — madaniy va ijtimoiy ma’no tashuvchi manba sifatida talqin qilish zaruratidan kelib chiqadi. Maqolada semiotik analiz, diskurs-tahlil, kontent-tahlil hamda tarixiy-rekonstruktiv yondashuvlarning o‘zaro uyg‘un qo‘llanilishi asoslab beriladi. Ushbu metodlar yordamida vizual ma’lumotlarning ichki ramziy tuzilishi, tarixiy va ijtimoiy konteksti, g‘oyaviy yo‘nalishi hamda representatsiya mexanizmlari ochib berilishi ko‘rsatiladi. Tadqiqotda vizual manbalarning ishonchliligi, sub’ektivlik darajasi va ideologik ta’siri alohida metodologik muammo sifatida ko‘rib chiqiladi. Foto va tasvirlarning “bevosita haqiqat” emas, balki tanlangan va talqin qilingan voqelik ekanligi ilmiy dalillar asosida asoslanadi. Shu nuqtai nazardan, Turkestanskiy albom materiallari misol tariqasida tahlil qilinib, undagi tasvirlar orqali XIX asr oxiridagi Turkiston makonining nafaqat etnografik, balki kolonial diskurs doirasida vizual konstruksiya qilinganligi ko‘rsatib beriladi. Maqolada xalqaro tajriba ham tahlil qilinib, Yevropa va AQSh vizual antropologiya maktablarida qo‘llanilayotgan ilg‘or metodologik yondashuvlar bilan qiyosiy yoritiladi. Shuningdek, raqamli davr sharoitida vizual ma’lumotlar hajmining ortib borishi, sun’iy ravishda yaratilgan tasvirlarning ko‘payishi va madaniy merosning onlayn representatsiyasi metodologik yondashuvlarni yanada takomillashtirish zaruratini keltirib chiqarayotgani ta’kidlanadi.



