EKSKAVATOR HARTUM VA TIRSAK QISM VTULKALARINI TIKLASH TEXNOLOGIYASI
收藏资源简介:
Bizga ma’lumki, ekskavatorlar zamonaviy qurilish, konchilik va sanoat sohalarida keng qo‘llaniladigan asosiy texnik vositalardan biri hisoblanadi. Ushbu mashinalarning samarali ishlashi ularning asosiy ishchi organlari, xususan hartum (strelasi) va tirsak (rukoyatka) qismlarining texnik holatiga bevosita bog‘liqdir. Mazkur qismlarda joylashgan vtulkalar mexanik yuklanishlarni qabul qiluvchi, ishqalanishni kamaytiruvchi va detallarning uzoq muddat ishlashini ta’minlovchi muhim element hisoblanadi. Ekskavatorning ish jarayonida bu vtulkalar doimiy ravishda katta yuklama, zarba, tebranish va abraziv muhit ta’sirida ishlaydi. Natijada ularning ichki yuzalari yeyilib boradi, diametri kengayadi, shakli buziladi va natijada butun mexanizmning ishlash aniqligi hamda samaradorligi pasayadi. Shu sababli vtulkalarni o‘z vaqtida tiklash yoki almashtirish texnologiyasini ishlab chiqish va takomillashtirish muhim muhandislik vazifalaridan biri hisoblanadi. Ekskavator hartum va tirsak qismlaridagi vtulkalarning asosiy vazifasi aylanuvchi yoki siljiydigan elementlar orasida ishqalanishni kamaytirish, yukni bir tekis taqsimlash va mexanik zarbalarni yumshatishdan iboratdir. Vtulkalar odatda bronza, po‘lat yoki kompozit materiallardan tayyorlanadi [1]. Ularning ishlash sharoiti og‘ir bo‘lgani sababli material tanlash jarayoni juda muhim ahamiyatga ega. Masalan, bronza vtulkalar yaxshi sirpanish xususiyatiga ega bo‘lib, ishqalanish koeffitsiyenti past, lekin yuqori yuklamalarda tezroq deformatsiyalanishi mumkin. Po‘lat vtulkalar esa yuqori mustahkamlikka ega, ammo ishqalanish koeffitsiyenti nisbatan yuqori bo‘ladi. Zamonaviy ishlab chiqarishda esa polimer kompozit vtulkalar ham keng qo‘llanilmoqda, ular o‘z-o‘zini moylash xususiyatiga ega bo‘lib, texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlarini kamaytiradi.



