YURAK ISHEMIK KASALLIGI ANIQLANGAN BEMORLARDA YURAK RITMI VARIABELLIGI VA SIMPATOADRENAL TIZIM FAOLLIGI O'RTASIDAGI BOG'LIQLIK
收藏资源简介:
Mazkur maqolada yurak ishemik kasalligi aniqlangan bemorlarda yurak ritmi variabelligi ko‘rsatkichlari va simpatoadrenal tizim faolligi o‘rtasidagi patofiziologik bog‘liqlik tahlil qilingan. Yurak ritmi variabelligi organizmning vegetativ boshqaruv holatini aks ettiruvchi noinvaziv elektrokardiografik marker bo‘lib, SDNN (normal sinus urishlari orasidagi intervallarning standart og‘ishi), RMSSD (ketma-ket N-normal intervallar orasidagi farqlarning kvadratik o‘rtacha ildizi) va LF/HF (past chastotali yurak ritmi komponenti / yuqori chastotali yurak ritmi komponenti) ko‘rsatkichlari orqali baholanadi. SDNN yurak ritmining umumiy variabelligini, RMSSD asosan parasimpatik-vagal faollikni, LF/HF esa vegetativ balansdagi nisbiy siljishni ifodalaydi. Yurak ishemik kasalligida miokard perfuziyasining pasayishi, og‘riq sindromi, psixoemotsional stress va neyrogumoral javob natijasida simpatoadrenal tizim faollashadi. Bu jarayon katexolaminlar sekretsiyasining ortishi, yurak urish sonining tezlashishi, miokard kislorodga ehtiyojining kuchayishi, Ca²⁺ gomeostazi buzilishi va elektr beqarorlik rivojlanishi bilan kechadi. Simpatik giperfaollik fonida SDNN va RMSSD pasayishi, LF/HF nisbatining ortishi aritmogen xavf, yurak remodellanishi va noxush klinik oqibatlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Maqolada YRV ko‘rsatkichlarini katexolaminlar, ularning metabolitlari hamda oksidlovchi stress markerlari bilan birgalikda baholash yurak ishemik kasalligida vegetativ disbalansni aniqlash va xavfni stratifikatsiya qilish uchun istiqbolli yondashuv sifatida yoritilgan.



