YAXSHI SIFATLI PROSTATA GIPERPLAZIYASIDA TURP VA HOLEP USULLARINING KLINIK SAMARADORLIGINI QIYOSIY BAHOLASH
收藏资源简介:
Annotatsiya. Yaxshi sifatli prostata giperplaziyasi erkaklarda pastki siydik yo‘llari simptomlarining keng tarqalgan sabablaridan biri bo‘lib, kasallikning klinik jihatdan yaqqol namoyon bo‘lgan shakllarida jarrohlik davolash talab etiladi. Transuretral prostata rezektsiyasi (TURP) uzoq yillar davomida ushbu kasallikni jarrohlik davolashning asosiy usullaridan biri bo‘lib kelgan. So‘nggi yillarda holmiy lazer yordamida prostata enukleatsiyasi (HoLEP) samarali minimal invaziv usul sifatida keng qo‘llanilmoqda. Mazkur tezisda TURP va HoLEP usullarining klinik samaradorligi va perioperativ ko‘rsatkichlari qiyosiy baholandi. Tadqiqotga 100 nafar bemor kiritilib, ular TURP va HoLEP guruhlariga teng taqsimlandi. IPSS, Qmax, qoldiq siydik hajmi, operatsiya davomiyligi, gemoglobin kamayishi, kateterizatsiya va gospitalizatsiya muddati hamda operatsiyadan keyingi asoratlar baholandi. Har ikkala usuldan keyin IPSS va qoldiq siydik hajmining sezilarli kamayishi hamda Qmaxning oshishi kuzatildi. HoLEP guruhida gemoglobin kamayishi, kateterizatsiya va gospitalizatsiya muddati TURP guruhiga nisbatan past bo‘ldi. TURP guruhida esa operatsiya davomiyligi qisqaroq bo‘ldi. Natijalar HoLEPning perioperativ xavfsizlik va operatsiyadan keyingi tiklanish nuqtai nazaridan muhim afzalliklarga ega ekanligini ko‘rsatadi.



